Yangiliklar

img
Fri, 04/24/2026 - 11:55

Badiiy tarjima: tajriba, izlanish va natija

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tarjima maktabini rivojlantirish yo‘lida tizimli va natijador ishlar amalga oshirilmoqda. Tarjimon, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hafiza Qo‘chqorova rahbarligida shakllangan yosh tarjimonlar jamoasi nemis tilidan o‘zbek tiliga hamda o‘zbek tilidan nemis tiliga badiiy tarjima qilish yo‘nalishida izchil tajriba orttirib bormoqda. Mazkur jarayon nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki talabalar ijodiy tafakkurini rivojlantirish, til sezgisi va uslubiy didini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hafiza Qo‘chqorova tashabbusi bilan Gyote instituti Toshkent ofisi hamkorligida tashkil etilayotgan seminarlar va mahorat darslari bugungi kunda ochiq platforma sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu tadbirlar nafaqat universitet talabalari, balki tarjima, adabiyot va til o‘rganishga qiziqadigan barcha ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lib, unda tarjima jarayonining amaliy jihatlari, badiiy matn bilan ishlash mexanizmlari, muallif uslubini saqlash masalalari atroflicha muhokama qilinadi.

Alohida e’tiborga molik jihat shundaki, mumtoz va zamonaviy nemis adabiyoti hamda yangi nashrlarni keng kitobxonlarga tanishtirishga qaratilgan maxsus kontentlar Hafiza Qo‘chqorovaning shaxsiy tashabbusi asosida tayyorlanmoqda. Ushbu materiallar Gyote institutining rasmiy sahifalariga muntazam joylab boriladi. Har bir kontentda muayyan asar yoki muallif haqida qisqacha, lekin mazmunan teran taqriz berilib, asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, til va uslub jihatlari sodda va tushunarli tarzda yoritiladi. Natijada kitobxonlarda nafaqat nemis adabiyotiga nisbatan qiziqish ortadi, balki muayyan asarni o‘qishga ichki ehtiyoj ham shakllanadi.

Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasida olib borilgan mashg‘ulotlar davomida talabalar bilan murakkab badiiy matnlar ustida ishlashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Xususan, nemis adibasi Elke Haydenrayhning “Keksayish pallasi” (Altern) asarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yosh tarjimonlar uchun o‘ziga xos sinov maktabi bo‘ldi. Til va mazmun jihatidan murakkab bo‘lgan ushbu asar ustida ishlash jarayonida talabalar badiiy tarjimaning nozik jihatlarini amalda his qildi.

 

Shuningdek, ikkinchi bosqichda o‘zbek she’riyati namunalarini nemis tiliga o‘girish ishlari olib borilib, tarjimaning ikki yo‘nalishdagi xususiyatlari sinovdan o‘tkazildi. Bu jarayon ayrim qiyinchiliklarga qaramay, iqtidorli talabalarni aniqlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim bosqich bo‘ldi.

Bugungi kunda talabalar orasida aniq natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Sayidali o‘zbek she’riyatini nemis tiliga, Islombek esa nemis she’riyatini o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilayotgani, Anisaning nasriy tarjimalardagi izlanishlari alohida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, talabalardan birining nemis adibi Herman Hesse qalamiga mansub “Ajal qo‘nog‘i” (Alle Tode) she’rini o‘zbek tiliga muvaffaqiyatli tarjima qilgani ustoz mehnatining amaliy natijasini yaqqol namoyon etdi.

 

Yil davomida olib borilgan izchil va maqsadli mashg‘ulotlar natijasida yosh tarjimonlarning dastlabki ijodiy yutuqlari shakllanib bormoqda. Ustoz va shogird o‘rtasidagi samarali hamkorlik, ishonch va doimiy amaliy mashg‘ulotlar ushbu natijalarning asosiy omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayni paytda Hafiza Qo‘chqorova va uning shogirdlari tomonidan tarjima qilingan badiiy asarlarni almanax yoki to‘plam shaklida nashr etish ishlari rejalashtirilgan. Ushbu loyiha yosh tarjimonlarning ilk ijodiy ishlari jamlanmasi sifatida ularning professional shakllanishiga xizmat qilish bilan birga, o‘zbek va nemis adabiy aloqalarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.