Ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini rivojlantirish
Joriy yilning 18-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Ayollarni qo‘llab-quvvatlash: qonun va amaliyot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitet tashabbusi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbati universitetning faollar zalida o‘tkazilib, unda partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida universitet xotin-qizlar maslahati kengashi raisi, rektor maslahatchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Jamoldinova Odinaxon Rasulovna kirish so‘zi bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida aynan Navoiy universitetida ayollar huquqlari, gender tengligi va ijtimoiy faollik masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng ma’ruzalar tinglandi. Gulchehra Tojibayeva “Ayollar huquqlarini ta’minlashda parlamentning o‘rni va amaliy natijalar” mavzusida so‘z yuritib, qonunchilikdagi islohotlar va ularning amaliy samaralari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Ibragimova Firuza Baxodirxonovna “Ayollarni ijtimoiy himoya qilish: amaldagi mexanizmlar va yangi yondashuvlar” mavzusida chiqish qilib, reabilitatsiya va moslashtirish jarayonlari yuzasidan batafsil to‘xtaldi.
Tadbir davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Bu esa davra suhbatining ochiq va muloqotga boy ruhda o‘tganini ko‘rsatdi.
Yakunda tashkilotchilarga partiya tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur davra suhbati aynan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, oliygohda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va ijtimoiy faolligini kuchaytirish borasidagi ishlarning izchil davom etayotganini namoyon etdi.

