Atoqli tilshunos Yormat Tojiyev kutubxonasi universitetga topshirildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida atoqli tilshunos olim, professor Yormat Tojiyevning boy ilmiy merosini asrash va uni yosh avlodga yetkazishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida olimning shaxsiy kutubxonasi uning farzandlari tomonidan universitet fondiga tantanali ravishda taqdim etildi.
Universitetga topshirilgan fond tarkibidan qariyb 2000 ga yaqin kitob, ilmiy manba, nodir nashrlar, lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari o‘rin olgan. Mazkur adabiyotlar orasida o‘zbek tilshunosligi, nutq madaniyati, uslubiyat, morfologiya, til nazariyasi va psixolingvistika yo‘nalishlariga oid muhim ilmiy manbalar alohida ahamiyat kasb etadi.
“Yormat Tojiyev fondi”ning universitetga taqdim etilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, marhum olimning shogirdlari bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda olimning farzandlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Yormat Tojiyevning o‘zbek tilshunosligi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, uning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati va ustozlik maktabi haqida alohida so‘z yuritildi.
Professor Yormat Tojiyev o‘zbek tilshunosligi sohasida yirik ilmiy maktab yaratgan olimlardan biri sifatida e’tirof etiladi. U uzoq yillar davomida Toshkent davlat universiteti, hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat yuritib, o‘zbek tilining morfemikasi, nutq madaniyati, uslubiyat va til nazariyasiga oid ko‘plab fundamental tadqiqotlarni amalga oshirgan. Olim “O‘zbek tili morfemikasi”, “Nutq madaniyati”, “O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari” kabi ilmiy va o‘quv adabiyotlari orqali tilshunoslik rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ustoz olimning ilmiyu rahbarligida o‘nlab tadqiqotchilar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

So‘zga chiqqanlar Yormat Tojiyevning nafaqat kuchli olim, balki talabchan va samimiy ustoz bo‘lgani, ilmga fidoyilik bilan xizmat qilganini alohida ta’kidladilar. Tadbirda olim bilan bog‘liq iliq xotiralar ham yodga olindi.
Yormat Tojiyevning farzandlari ushbu kutubxonani ToshDO‘TAUga topshirishdan asosiy maqsad otalari qoldirgan ilmiy merosni yosh avlodga yetkazish ekanini bildirdilar. Qayd etilganidek, fond tarkibidagi kitoblar talabalar, magistrantlar, doktorantlar hamda yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy manba vazifasini bajaradi.

Tadbir yakunida universitet jamoasi tomonidan Yormat Tojiyev oilasiga minnatdorlik bildirildi hamda ushbu tashabbus ilm-fan davomiyligini ta’minlash, ustozlar xotirasini ulug‘lash va yoshlarni ilmga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

