Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, Sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Shuningdek, davlatimiz rahbari rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, uning yangilangan ekspozitsiyalari va yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.
Mazkur tadbirlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ham ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat barpo etib, “Temur tuzuklari” orqali davlatchilikning muhim huquqiy tamoyillarini belgilab berdi. Uning ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi temuriylar Renessansi – Ikkinchi uyg‘onish davrining shakllanishiga asos bo‘ldi.
Bugungi kunda Sohibqironning “Kuch – adolatda” hamda “Adolat har bir ishda hamrohimiz bo‘lsin” degan hikmatli o‘gitlari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda muhim g‘oyaviy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezident qaroriga muvofiq, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” sifatida nishonlanib, ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarda turli ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu jarayonda ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib etish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Temuriylar tarixi davlat muzeyida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida ekspozitsiyalar zamonaviy yondashuvlar asosida yangilanib, sun’iy intellekt texnologiyalari, interaktiv yechimlar va 3D formatdagi eksponatlar bilan boyitildi.

Davlatimiz rahbari muzey bilan tanishish jarayonida boy tarixiy merosimizni asrab-avaylash, uni keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish muhim vazifa ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbirlar davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, haykali poyiga gullar qo‘yildi. Shuningdek, Prezidentimiz xiyobonda ko‘chat ekib, muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

