“Amir Temur oyligi” doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 656-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Amir Temur oyligi” doirasida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida universitet talabalari tyutorlar boshchiligida muzeylar, teatrlar hamda turli san’at va madaniyat muassasalariga tashrif buyurib, milliy va jahon madaniy merosi namunalarini yaqindan o‘rganmoqdalar. Ushbu tashriflar talabalarning estetik didini rivojlantirish, ularni san’atga oshno etish hamda madaniy saviyasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, talaba-yoshlar tarixiy yodgorliklar va harbiy muzeylarga sayohatlar uyushtirib, yurtimizning boy tarixiy merosi, buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyati haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lmoqdalar. Ayniqsa, bu kabi tashriflar yoshlarning Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va tarixiy xotiraga ehtirom ruhida tarbiyalanishida muhim o‘rin tutmoqda.

“Amir Temur oyligi” doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish hamda har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.


