Amir Temur: birlamchi manbalar va talqinlar
So‘nggi paytlarda internetning boshqa tilli segmentlarida Amir Temur shaxsi va faoliyatiga nisbatan turli salqiy qarashlarni shakllantirishga qaratilgan materiallar soni ko‘paymoqda. Bunday noxolis talqinlarni birlamchi manbalar asosida fosh etish bugungi manbashunosligimiz oldida turgan asosiy vazifalardandir. Akademik Shuhrat Sirojiddinov Amir Temur haqidagi birlamchi yozma manbalar va qo‘lyozmalar asosida tayyorlagan videma’ruzasi turli noxolis salbiy qarashlarga chek qo‘yishiga aminmiz.
Videoma’ruzani tomosha qilish: https://youtu.be/-cjKttHhxfU?si=5aAyRiC0v2SXagxk
Ma’ruzaning o‘zbek tilidagi matnini quyida havola qilamiz:
Darhaqiqat, Amir Temur tarixda yorqin iz qoldirgan siymolardan biridir. U g‘olib sarkarda, Yevrosiyo dashtlaridan tortib Kichik Osiyogacha, Kavkaz va Yaqin Sharqning bir qismini o‘z ichiga olgan ulkan imperiya bunyodkori sifatida tanilgan.
Temuriylar davlati barpo etilganidan buyon bu afsonaviy shaxs haqida yuzlab, balki minglab asarlar yozilgan. Turli davr va mamlakatlarga mansub olimlar, adiblar hamda sayyohlar uning hayoti va faoliyatini turlicha talqin etgan. Ayrim asarlarda Temurning jasorati va faoliyati ulug‘lansa, boshqalarida aniq bir tarafkashlik, hatto ochiq haqorat va nafrat ohangi seziladi. Voqealar shunchalik ishonarli tasvirlanadiki, o‘quvchi beixtiyor o‘ylab qoladi: aslida qaysi muallif haq va xolis?
Temuriylar davlati tarixi manbalarini o‘rganish, ayniqsa Amir Temur hukmronligi davriga oid ma’lumotlarni tahlil qilish XIX asrdan boshlab ancha faollashgani ko‘rinadi. Bu, asosan, mustamlakachi davlatlarning Sharq mamlakatlariga qiziqishi ortib, ularni bosib olishga intilishi kuchaygan davrga to‘g‘ri keladi. Shu sababli sharqshunoslar va matnshunoslar orasida ham bu mavzuga qiziqish sezilarli darajada ortgan.
Shu davrda turli janrdagi asarlar tarjima qilinib, ularda Sharq xalqlarining o‘tmishiga oid ma’lumotlar yuzaga chiqqan. Ammo bu asarlarning ko‘pchiligi turli manbalar asosida tuzilgan bo‘lib, ma’lum bir voqeaga nisbatan ba’zan qarama-qarshi fikr va izohlar ham uchraydi.
Shu tariqa, Amir Temur va uning davlati haqidagi tasavvurlar, ko‘p jihatdan, aynan shu tarjimalarning jamoatchilikka qay darajada ma’lum va mashxurligiga, ularning nechog‘lik keng tarqalganiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Turli ma’lumotlar asosida tuzilgan ikkilamchi manbalar esa, tafsilotlarning noaniqligi va mualliflarning yaqqol tarafkashligi tufayli xolis baho berish imkonini bermas edi. Shu bois asl manbalarni aniqlashga ehtiyoj tobora kuchayib bordi.
Vaqt o‘tishi bilan bu bo‘shliq qudratli davlatlar tomonidan akademik doiralarni shakllantirish orqali to‘ldirildi. Natijada qimmatli, birlamchi qo‘lyozmalarni topish va o‘rganish uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Kamina bu kabi birlamchi manbalarning qaerdan va qanday topilganiga doir tafsilotlarga to‘xtalmaydi, zero bu hech kimga sir emas. Biroq shuni alohida ta’kidlash joizki, sharqshunos olimlarning sa’y-harakatlari tufayli nihoyatda qimmatli qo‘lyozmalar aniqlandi va shu orqali Amir Temur fenomeniga oid bir-biriga zid qarashlarni qayta ko‘rib chiqish imkoni paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, g‘arbona yondashuv uzoq yillar davomida omma ongida chuqur iz qoldirib, o‘z ta’sirini saqlab qoldi.
Endi esa, avvalo, bugungi kunda ixtiyorimizda mavjud bo‘lgan birlamchi manbalar haqida to‘xtalib o‘taylik.
Eng qadimiy manbalardan biri “Amir Temurning Hindistonga yurishi kundaligi” deb nomlanib, u G‘iyosiddin Ali Yazdiy qalamiga mansubdir. Ushbu asarni yozishda muallif Amir Temurga bevosita aloqador aniqq ma’lumotlarga tayangan. Xususan, Hindiston yurishida Temurga hamroh bo‘lgan oliy qozi Nosiriddin Umarning qaydlaridan foydalangan. Muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, bu qaydlar unga sohibqiron topshirig‘i bilan “kitob shakliga solish, mubolag‘alarsiz va ravon tilda bayon etish” maqsadida berilgan.
Ushbu asarning noyob qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Asar fors tilida yozilgan bo‘lib, Lev Zimin tomonidan ko‘chirilgan va Vasiliy Bartold tahriri ostida 1915 yilda “O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha matnlar” turkumida nashr etilgan. Shuningdek, mashhur sharqshunos Aleksey Semyonov tomonidan amalga oshirilgan rus tilidagi mukammal tarjimasi 1958 yil Moskvadagi “Sharq adabiyoti nashriyoti”da chop etilgan.
Ikkinchi asar — “Zafarnoma” (“G‘alabalar kitobi”) bo‘lib, u Amir Temur yurishlariga bag‘ishlangan. Ushbu asarning diqqatga sazovor jihati, G‘iyosiddin Ali Yazdiyning zamondoshi Nizomiddin Shomiy tomonidan yozilgan. Mazkur tarixiy solnoma Amir Temur topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan bo‘lib, 1402 yilda yakunlangan.
Muallifning nisbasidan uning Suriyalik ekani ma’lum bo‘ladi. Ehtimol, u aynan shu asarni yozishi uchun Samarqandga taklif etilgan, chunki asar tugallangach, o‘z yurtiga qaytgani ma’lum. Qo‘lyozmaning yagona nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi.
“Zafarnoma” nomi bilan yana bir mustaqil asar ham mavjud. Uning muallifi Amir Temurning nabirasi Ibrohim Sulton saroyida xizmat qilgan Sharaf ad-Din Ali Yazdiydir. Yazdiy o‘z davrining mashhur olimi va adabiyotshunosi bo‘lgan.
Ushbu yirik tarixiy asar Ibrohim Sulton tashabbusi bilan yaratilgan. Muallif Amir Temur tarixini yozish ustida qariyb o‘n yil mehnat qilgan va asarni 1425 yilda yakunlagan. Yazdiyning “Zafarnoma”si Shomiy asaridan farqli ravishda Amir Temur hayotining so‘nggi yilini ham, uning vafotidan keyingi voqealarni ham qamrab oladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur manbada voqealar oldingi mualliflar asarlariga nisbatan ancha tizimli va izchil tarzda bayon qilinadi. Asarning adabiy bayoniga imkon qadar tekshirilgan va ishonchli ma’lumotlar asos qilib olingan. Bu materiallar sulton farmoni bilan olimlar, saroy solnomanavislari hamda Temur yurishlarida ishtirok etgan kishilar tomonidan taqdim etilgan. Jamlangan ma’lumotlar puxta tekshirilib, qayta-qayta solishtirilgan. Ya’ni muallif ixtiyorida Temur kotiblarining qaydlari, shuningdek, bevosita shohidlarning guvohliklari mavjud bo‘lgan va Yazdiy ularni o‘zaro muqoyasa qilgan. Shu jihatdan ushbu asar, shubhasiz, eng qimmatli birlamchi manbalar qatoriga kiradi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si an’anaviy madh va ta’rifu-tashbehlardan xoli emas. Biroq asarning qimmati shundaki, u faqat janglarning mayda tafsilotlarini bayon etish bilan cheklanmay, balki Amir Temur shaxsiyatining turli qirralarini ham yoritib beradi. Unda Temur mo‘g‘ullarga nisbatan murosasiz raqib sifatida, shaharlarni ko‘proq siyosiy iroda va murosayi madora orqali tinch yo‘l bilan egallashni ma’qul ko‘radigan oqil sarkarda sifatida, yuksak aqliy va madaniy-ma’naviy salohiyatga ega farovon davlat barpo etishni orzu qilgan inson sifatida tasvirlanadi. Shu bilan birga, u taqvodor, miskinlarga shafqatli, ammo xiyonat, sotqinlik, tahqir yoki subutsizlikka nisbatan murosasiz hukmdor sifatida bayon etiladi.
Asarda qonli voqealar, qo‘zg‘olon va isyonlarni bostirishga oid yuzlab misollar keltiriladi. Biroq ular muayyan tarzda izohlanib, itoatsizlik yoki hukmdorga behurmatlik uchun berilgan jazo sifatida talqin etiladi.
Muallifga ko‘ra, qon to‘kilishning oldini olish maqsadida Amir Temur harbiy yurishlar oldidan raqib tomonga ixtiyoriy taslim bo‘lish haqida murojaat yo‘llar edi. Birlamchi manbalarda qayd etilishicha, ayrim holatlarda u sabr-toqat bilan qarshi tomonning yakuniy javobini vazminlik bilan kutgan. Jumladan, shaharlar muhosarasi paytida ogohlantirish tizimi qo‘llangani tasvirlanadi: avvalo oq, so‘ng qizil va nihoyat qora bayroqlar ko‘tarilib, aholiga qaror qabul qilish va jonini saqlash imkoni berilgan. Shu bilan birga, u dushmanlari bilan mustahkam siyosiy ittifoqlar tuzishga intilgan, bu munosabatlarni quda-andachilik orqali ham mustahkamlagan. Shahar va mamlakatlar zabt etilgach, ularning hokimlariga Temur hokimiyatini tan olish, belgilangan boj hamda tovonlarni o‘z vaqtida to‘lash sharti bilan avvalgidek ichki boshqaruvni saqlab qolish huquqi berilgan. Ayrim hollarda esa shu shartlar asosida boshqaruv ularning vorislariga topshirilgan. Biroq rad javobi berilgan taqdirda, Amir Temur urush e’lon qilgan va bunday urushlar, tabiiyki, shafqatsiz tus olgan.
Keyingi asar — Shahobiddin Ahmad ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi axbori Temur” nomli kitobi hisoblanadi. U arab tilida yozilgan.
Bu asarning uslubi oldingi manbalardan keskin farq qiladi. Unda muallifning alamzadaligi, tiyilmagan nafrati yaqqol seziladi. Amir Temur shaxsiga va umuman uning davlatiga nisbatan haqoratomuz munosabat deyarli butun matn davomida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, xalq orasida tarqalgan gap-so‘zlar va rivoyatlar qayta hikoya qilinganda, ular muallifning shaxsiy salbiy munosabati ta’sirida, ko‘pincha ortiqcha mubolag‘alar va dahshatli tafsilotlar bilan bayon etiladi.
Ibn Arabshohning Amir Temur shaxsiga nisbatan salbiy munosabatini ma’lum darajada tushunish mumkin. Chunki uning oilasi Temur Damashqni zabt etganidan keyin Samarqandga majburan olib kelinganlar qatorida bo‘lgan. O‘sha paytda u taxminan 14 yoshlarda edi. Biroq u katta ehtimol bilan qullar qatorida emas, ilm ahli yoki shu toifaga mansub kishilar bilan birga keltirilgan. Ibn Arabshoh yuksak bilimli inson bo‘lgan. U 1408 yilda, ya’ni Temur vafotidan uch yil o‘tgach, Samarqandni tark etadi. so‘ngra bir necha yil davomida Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohat qiladi. 1413–1421 yillar orasida turk sultoni Muhammad I saroyida xizmat qiladi. Damashqqa qaytgach, ma’lum muddat ijod bilan shug‘ullanadi va asarlarining katta qismi aynan shu yerda yaratiladi. 1435 yilda u Temur tarixi haqidagi asarini yakunlaydi. 1436 yilda esa Qohiraga ko‘chib o‘tadi. Hayotining so‘nggi davrida Qohira hukmdori sulton Zohir Chaqmoqqa yaqinlashadi, bunda, tabiiyki, mahalliy olimlar ko‘magi ham muhim o‘rin tutgan. Sulton dastlab u bilan samimiy munosabatda bo‘lgan, hatto uni saroy marosimlariga ham taklif etgan.
Biroq bizga noma’lum sabablarga ko‘ra U sultonning g‘azabiga uchraydi va zindonband qilinadi. Ozodlikka chiqqach, oradan ikki hafta o‘tib 1450 yilda vafot etadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur asarga XV–XVII asrlarda ko‘plab arab va usmonli tarixchilari murojaat qilgan. Kitob keyinchalik bir qator Yevropa tillariga ham tarjima qilingan. Jumladan, 1636 yilda lotin tiliga, 1658 yilda esa Per Vate tomonidan fransuz tiliga o‘girilgan bo‘lib, bu tarjimalar tarixchilar orasida katta qiziqish uyg‘otgan.
Ehtimol, bu qiziqish G‘arb davlatlarining Sharq mamlakatlariga ko‘z tikkani va shu orqali ularning tarixini o‘rganishga ehtiyoj ortishi bilan bog‘liqdir. E’tiborli jihati shundaki, ushbu asarga bo‘lgan qiziqish XX asrda ham susaymagan. Masalan, 1936 yilda mashhur sharqshunos Jorj Henri Sanders tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan.
Shu o‘rinda yana bir qimmatli manbani esga olmaslik mumkin emas. Bu ispan elchisi Rui Gonsales Klavixoning Samarqandga qilgan sayohati haqidagi kundalikdir. Asar 1403–1406 yillarda ispan tilida yozilgan. Keyinchalik u bir qator tillarga tarjima qilingan. Jumladan, 1720 yilda fransuz tiliga, 1859 yilda ingliz tiliga, 1881 yilda esa rus tiliga o‘girilgan.
Ayniqsa, Amir Temur bilan uchrashuvi tafsilotlari va Samarqand hayotiga oid tasvirlar alohida ahamiyatga molik. Bu sahifalarda o‘sha davr nafasi, muhiti va ruhi seziladi. Kamina yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tmoqchi, Temuriylar tarixi haqida keyin yaratilgan deyarli barcha asarlar ma’lum ma’noda shu manbalarga suyanadi. Bu holatni hatto XX asr tadqiqotlarida ham ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, “Majma’ ut-tavorix” kabi xronologik to‘plamlar ham ancha ko‘p uchraydi. Ularda Amir Temur yurishlariga oid sanalar va qisqacha voqealar bayoni beriladi. Biroq bunday manbalar, odatda, voqealarning sabablarini chuqur ochib bermaydi, tahlildan ko‘ra qayd etish bilan cheklanadi.
Amir Temur haqidagi manbalarni o‘rganish jarayonida shkni anglash mumkinki, tarixiy voqealar tasviri hech qachon bir-birini takrorlamaydi. Mualliflar turlicha, demak, yondashuv ham turlicha, shuning uchun talqinlar ham farq qiladi.
Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Rui Gonsales de Klavixo va Ibn Arabshoh asarlarini qiyoslaganda, Temur shaxsiga berilgan baholar qay darajada turfa xil ekanini yaqqol ko‘rish mumkin. Mualliflardan biri uni ulug‘laydi, boshqasi esa keskin tanqid qiladi. Saroy solnomanavislaridan tortib sayyoh va adiblargacha har biri o‘z bilimi, dunyoqarashi va tasvirlanayotgan shaxs yoki voqeaga munosabatiga qarab yozadi. Bu esa ba’zan o‘quvchini ikkilantirib qo‘yadi. Shu bois manbashunoslikning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, muallifning mavqei va munosabatini aniqlash, manbalarga esa tanqidiy yondashuv bilan qarashdir.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temurni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish kerak. U murakkab va ko‘p qirrali tarixiy shaxs, qudratli hukmdor, iste’dodli sarkarda, ulkan davlat asoschisi, islohotchi, ilm-fan va san’at homiysi. Ayni paytda u o‘z davri farzandi hamdir. U davrda esa qat’iyat, shiddat va kuch siyosatning inkor qilib bo‘lmas sharti bo‘lgan.

