Amaliyot jarayonlari nazoratda
2026-yil 24-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash maqsadida navbatdagi monitoring ishlari amalga oshirildi.
Universitetning O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalari uchun tashkil etilgan malakaviy (o‘quv-tanishuv) amaliyoti jarayoni mutasaddilar tomonidan atroflicha o‘rganildi.
Mazkur o‘rganish ishlari universitet Amaliyot bo‘limi boshlig‘i Sh. Xalilov hamda bo‘lim bosh mutaxassisi A. Sodig‘aliyev tomonidan olib borildi. Monitoring davomida asosiy e’tibor talabalarning amaliyot o‘tash joylaridagi faoliyati, ularning dars mashg‘ulotlarida qo‘llayotgan metodik usullari hamda pedagogik mahoratni egallash darajasiga qaratildi.
Shuningdek, talabalarning kundalik daftarlarini yuritishi va ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, talabalar o‘quv-tanishuv amaliyoti dasturida belgilangan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarmoqdalar. Talabalar nafaqat darslarni kuzatish, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda dars jarayonlarida faol ishtirok etayotganliklari qayd etildi. Universitet va amaliyot o‘tash ob’ektlari hisoblangan umumta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ham yuqori darajada tashkil etilgani alohida e’tirof etildi.
Yakunda mutaxassislar tomonidan talabalarga kelgusidagi faoliyatlari, xususan, maktab muhitiga moslashish va bo‘lajak pedagog sifatida o‘z ustida ishlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Bunday monitoring tadbirlari universitetda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va bitiruvchilarning mehnat bozoriga tayyorgarligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

