Yangiliklar

img
Tue, 02/10/2026 - 07:32

“Alisher Navoiy va XXI asr” XI xalqaro konferensiyasi hamda italyan tilida nashr etilgan “Lison ut-tayr” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan buyuk mutafakkir merosining zamonaviy talqinlari, xalqaro ilmiy hamkorlik va tarjimashunoslik masalalariga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy va XXI asr” XI xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman jahonning turli mamlakatlaridan olimlar va mutaxassislarni bir maydonga jamlab, navoiyshunoslikni global ilmiy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qildi. Konferensiya yalpi majlisida universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib, Alisher Navoiy merosining XXI asrdagi ilmiy-ma’naviy ahamiyati va uning xalqaro miqyosda keng targ‘ib etilayotganini ta’kidladi.

Anjumanning markaziy voqeasi sifatida Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonining italyan tilidagi yangi nashri taqdim etildi. Mazkur kitob Italiyaning mashhur “Sandro Teti Editore” nashriyotida chop etilib, o‘zbek mumtoz adabiyotining Yevropa ilmiy-adabiy makoniga kirib borishida muhim tarixiy hodisa bo‘ldi. Ushbu nashr O‘zbekiston va Italiya davlat rahbarlari tashabbusi bilan izchil rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlikning amaliy natijasi sifatida alohida e’tirof etildi. Navoiy merosining italyan tilida keng kitobxonlar qatlamiga taqdim etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni madaniy diplomatiya orqali mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Taqdimot jarayonida italiyalik sharqshunos olim, “Sapienza” universiteti professori Marko Di Branco Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni Sharq adabiy tafakkuridagi o‘rni haqida ma’ruza qildi. Sandro Teti Editore nashriyoti rahbari Sandro Teti nashrning tayyorlanish jarayoni va Yevropa ilmiy hamjamiyatidagi qiziqish haqida so‘z yuritdi. Italiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Gvido De Sanktis esa ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi.

  

Universitet professori Nurboy Jabborov “Lison ut-tayr”ning italyan tiliga tarjima qilinishi zamonaviy navoiyshunoslik tarixidagi muhim ilmiy yutuqlardan biri ekanini ta’kidladi. Ilmiy muzokaralar davomida Navoiy merosini komparativ adabiyotshunoslik, tarjima nazariyasi va zamonaviy raqamli tadqiqotlar asosida o‘rganish, xalqaro qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

  

“Alisher Navoiy va XXI asr” XI xalqaro konferensiyasi ilm-fan, madaniyat va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan nufuzli akademik platforma sifatida yuksak baholandi. Ayniqsa, “Lison ut-tayr” dostonining italyan tilida chop etilishi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida konferensiyaning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.