Yangiliklar

img
Sat, 02/28/2026 - 19:35

Alisher Navoiy va Bobur gulshaniga navolar tashrifi

2026-yil 28-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi mudiri, professor Samixon Ashirboyev tashabbusi bilan “Alisher Navoiy va Bobur gulshaniga navolar tashrifi” nomli nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlanib, mumtoz adabiyot va milliy musiqa an’analarini uyg‘un holda namoyish etishga qaratildi. Samixon Ashirboyevning jonli ijrodagi katta ashulalari yig'ilganlarni asl san'at va adabiyot gulshaniga eltdi. 

Nazm va navo kechasining g‘oyaviy-badiiy yo‘nalishi, repertuar tanlovi va ijro konsepsiyasi bevosita professor Samixon Ashirboyev tomonidan ishlab chiqildi. U Navoiy va Bobur g‘azallarini mumtoz ohanglarda yuksak mahorat bilan ijro etib, she’riy matn va musiqiy talqinning ichki uyg‘unligini ta’sirchan ifoda etdi. G‘azallardagi tasavvufiy-falsafiy mazmun, lirizm va ma’rifiy ruh musiqiy talqin orqali yanada teran ochildi. Uning jonli ijrosi tadbirning markaziy qismi sifatida e’tirof etildi va yig‘ilganlarda kuchli estetik taassurot uyg‘otdi.

Tadbirni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Navoiy va Bobur merosining milliy o‘zlikni anglash, til va adabiyot taraqqiyotidagi o‘rni, mumtoz merosni ilmiy tadqiq etish bilan birga badiiy talqin orqali targ‘ib qilish zarurligi haqida so‘z yuritdi. Rektor mazkur nazm va navo kechasining universitet ma’naviy hayotidagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

  

Tadbirda akademik Ahmadali Asqarov, tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Is’hoqov, filologiya fanlari doktori, professor Boqijon To‘xliyev hamda boshqa nufuzli olimlar ishtirok etdi. Akademik Ahmadali Asqarov Navoiy va Bobur merosining uzviyligi, mumtoz adabiy tafakkur an’analari va ularning bugungi talqini haqida fikr bildirdi. Professor Mirsodiq Is’hoqov Bobur shaxsining tarixiy qiyofasi va davlat arbobi sifatidagi faoliyatini manbalar asosida yoritdi. Professor Boqijon To‘xliyev esa Navoiy poetikasining badiiy xususiyatlari, g‘azal janrining estetik imkoniyatlari hamda mumtoz she’riyatni talqin etishda musiqaning o‘rni yuzasidan atroflicha mulohazalar bildirdi.

  

Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu nazm va navo kechasi Navoiy va Bobur merosini badiiy talqin orqali targ‘ib etish, milliy adabiy-musiqiy an’analarni asrab-avaylash hamda yosh avlod qalbida mumtoz qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.