Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
2026-yil 11-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk mutafakkir tavalludiga ehtirom” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir yosh avlodni milliy meros va adabiyot qadriyatlari bilan tanishtirish, Navoiy ijodining ma’naviy, falsafiy va badiiy ahamiyatini yoshlar ongiga yetkazish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda universitetimiz o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari faol ishtirok etib, Navoiy g‘azallari va asarlaridan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar. Talabalar chiqishlarida mumtoz adabiyot ruhi, badiiy mahorat va ijodiy yondashuv namoyon bo‘ldi, tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘qituvchilari tadbirga mazmunli ma’ruzalar bilan qo‘shildilar. Pedagogika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent Iroda Ishonxonova “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida olimlar zikri mavzusida so‘zlab, Navoiy asarlarining ilmiy va tarixiy ahamiyatini yoritdi. Katta o‘qituvchi Husan Maqsudov Navoiy ijodining talqini va badiiy-falsafiy jihatlarini chuqur tahlil qildi.
Bundan tashqari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD Jo‘raqulova Nasiba Shamurovna “Lison ut-tayr” dostonida tavba tushunchasining badiiy-falsafiy talqinini keng yoritib, ishtirokchilarga Navoiy dostonlaridagi ma’naviy mazmunni yetkazdi.

Tadbir davomida yoshlar nafaqat Navoiy ijodini his qildilar, balki uning hayot va ijodiy faoliyati orqali ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborlarini yanada mustahkamlash, buyuk shoir merosini chuqurroq o‘rganish ahdini bildirdilar.

Universitetimiz tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar va mehmonlar uchun ham Alisher Navoiy ijodining chuqur ma’nosi va badiiy qiymatini his qilish imkoniyatini yaratdi. Tadbir madaniy-ma’rifiy va ma’naviy ahamiyatga boy bo‘lib, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.

