Yangiliklar

img
Tue, 02/03/2026 - 20:35

Alisher Navoiy ijodida inson va unga bo‘lgan muhabbat

Joriy yilning 3-fevral kuni Istedodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi majlislar zalida ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Alisher Navoiy ijodida inson va unga bo‘lgan muhabbat” mavzusida muhim ma’ruza qildi. Ma’ruzada Alisher Navoiyning hayot yo‘li, ijodiy qarashlari va tarixiy faoliyatiga doir o‘tgan asrda shakllangan ayrim noto‘g‘ri tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni birlamchi manbalar, qo‘lyozmalar va tarixiy hujjatlar asosida aniqlashtirish zarurligi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov Navoiy merosini mafkuraviy qoliplardan xoli holda, davr ruhi va adabiy-madaniy muhit kontekstida tahlil qilishgina uning haqiqiy tarixiy va ijodiy qiyofasini ochib berishini ta’kidladi. Shuningdek, akademik nutqida Alisher Navoiy ijodining umumturkiy adabiyot taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni alohida qayd etilib, uning asarlari turkiy adabiy tafakkur, badiiy til va estetik mezonlarning shakllanishida poydevor vazifasini bajargani ta’kidlandi. Navoiy ijodi turkiy xalqlar adabiy merosini yagona madaniy makon sifatida anglashda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Akademik Shuhrat Sirojiddinovning ma’ruzasida Alisher Navoiy asarlarida insonparvarlik g‘oyasi, muhabbatning ma’naviy-falsafiy talqini hamda shaxs kamolotidagi axloqiy mas’uliyat masalalari chuqur ilmiy asosda tahlil etildi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov Navoiy merosining bugungi gumanitar tafakkur va tarbiyaviy jarayonlar uchun dolzarbligiga alohida urg‘u berdi. Anjumanda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Shuningdek, hududiy oliy ta’lim muassasalari vakillari ZOOM platformasi orqali masofaviy tarzda tadbirga ulanib, ilmiy muloqotda qatnashdilar.

 

Mazkur anjuman Alisher Navoiy merosini keng ilmiy jamoatchilik orasida targ‘ib etish, yoshlar ongida insonparvarlik va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.