Alisher Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilish masalalari
Joriy yilning 12-fevral kuni universitetimizning A. S. Pushkin nomidagi Rus tili va madaniyati markazida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan ma’rifiy-ma’naviy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Mahmadiyor Asadov ochib berdi. Olim oʻz kirish so‘zida Alisher Navoiyning nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini alohida ta’kidladi. U zotning ilm-fan, til va adabiyot ravnaqiga qo‘shgan hissasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini qayd etdi.
Markaz direktori Zulxumor Jumanova o‘z nutqida buyuk shoirning o‘zbek adabiy tilini shakllantirishdagi xizmatlariga to‘xtaldi. Olima, shuningdek, Navoiy asarlarida ilmga, maʼrifatga va komil inson tarbiyasiga da’vat yetakchi o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirda Volgograd davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Natalya Filimonova ham Zoom platformasi orqali ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida bu singari tadbirlar ikki xalq adabiy aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi. Olima talabalarga Alisher Navoiy hamda Aleksandr Pushkin ijodidagi o‘xshash va farqli jihatlar yuzasidan atroflicha ilmiy ma’ruza qildi. Jumladan, har ikki ijodkor ham o‘z milliy adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shganini, ularning asarlarida insonparvarlik, muhabbat, vatanparvarlik va erkinlik g‘oyalari yetakchi o‘rin tutishini ta’kidladi. Shu bilan birga, tarixiy-madaniy muhit, janr xususiyatlari va badiiy uslub borasidagi farqlar ham ilmiy asosda tahlil qilindi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qildi, shoir hayoti va ijodiga oid savol-javoblar o‘tkazildi. Bu singari tadbirlar yoshlarning mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.


