Yangiliklar

img
Wed, 02/04/2026 - 12:58

Akademiklar va tadqiqotchilarning bir yillik faoliyati muhokama qilindi

2026-yil 30-yanvar kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2025-yil faoliyati yakunlariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilish institut jamoasining bir yillik ilmiy-tadqiqot faoliyatini tahlil qilish, erishilgan yutuqlarni baholash hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashga qaratildi.

Mazkur muhim ilmiy tadbirda taniqli navoiyshunos va manbashunos olim, filologiya fanlari doktori,  Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori — akademik Shuhrat  Sirojiddinov ishtirok etdi.

Hisobot jarayonida akademik Shuhrat  Sirojiddinov institut faoliyatiga doir atroflicha fikr-mulohazalarini bildirib, 2025-yil davomida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlarning oʻzbek tilshunosligi, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, ayniqsa, navoiyshunoslik va manbashunoslik yoʻnalishlaridagi ilmiy ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. U olib borilgan tadqiqotlarning milliy ilm-fan rivojidagi oʻrni va xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi nufuzini oshirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, akademik tomonidan ilmiy izlanishlar samaradorligini yanada oshirish, yosh olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, fundamental va amaliy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish borasida qator muhim taklif va tavsiyalar bildirildi. Ilmiy ishlarda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama markazida boʻldi.

  

Yigʻilish yakunida institutning 2025-yildagi faoliyati qoniqarli deb topildi, shuningdek, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar, istiqbolli rejalar va ilmiy yoʻnalishlar belgilab olindi. Hisobot yigʻilishi institut jamoasi oldiga qoʻyilgan vazifalarni yanada samarali amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.