Aholi bilan bevosita ishlash tizimi samaradorligi
2026-yil 1-choragi yakunlari yuzasidan Yangi Hayot tumanidagi Yangi Choshtepa mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, akademik Shuhrat Sirojiddinov hisobot berib, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil axborot taqdim etdi.
Tadbirda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi Otabek Jiyanbayev, Toshkent shahar Kengashi deputati Davron Ravshanbekov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Yangi Hayot tuman Kengashi raisi Lee Olesya, shuningdek, Xalq deputatlari Yangi Hayot tuman Kengashi deputatlari D. Xursandova , B.Mirzoqulov , N. Shevchenko, X. Dadabayev, G. Murodova hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, Choshtepa, Tashabbus, Yangi umid, Oriyat, Yangi darxon mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari qatnashib, hududni rivojlantirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, bandlikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, obodonlashtirish ishlari yuzasidan fikr almashildi.
Hisobot davrida deputat tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish, ularni joyida hal etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash hamda ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan qabullar va uchrashuvlar davomida kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati yuzasidan amaliy yechimlar ta’minlandi.

Majlisda tuman hokimligi vakillari, sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari ham ishtirok etib, hududda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi. Aniqlangan masalalarni tezkor bartaraf etish, murojaatlar bilan manzilli ishlash hamda ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan tegishli tashkilot va mas’ul shaxslarga aniq topshiriqlar berildi.
Uchrashuv davomida aholining kundalik hayotiga daxldor dolzarb masalalar, xususan, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichimlik suvi va elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat bo‘yicha aniq choralar belgilandi va ijrosi nazoratga olindi.

Shu bilan birga, Toshkent shahar Yangihayot tumani hududidan o‘tuvchi M-34 “Toshkent–Dushanbe” avtomobil yo‘lining 13–14-kilometr oralig‘ida, “Sadir Ota” jome masjidi oldida joylashgan Junariq kanali ustidagi sun’iy inshoot holati o‘rganildi. O‘rganish natijasida inshootning PTMlari (plita tratuarnaya mostovaya)da jiddiy yemirilishlar, yoriqlar va konstruktiv sinishlar mavjudligi, natijada uning texnik holati yaroqsiz darajaga kelib qolganligi aniqlandi. Mazkur holat piyodalar harakati xavfsizligiga bevosita tahdid tug‘dirib, inshootning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini sezilarli darajada pasaytirgan.
Shuningdek, inshootda zarur texnik xizmat ko‘rsatish va profilaktik ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli mavjud nosozliklar chuqurlashgani qayd etildi. Bu esa favqulodda holatlar yuzaga kelish ehtimolini oshirmoqda. Mazkur masala Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqilishi hamda inshootni rekonstruksiya qilish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi hamda ularning ijrosi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.

