Adabiy uchrashuv: "Mangu quyosh"
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O’zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi, Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti laureati, Xalqaro Turkiy Akademiyaning “Alisher Navoiy” oltin medali sohibi Muhammad Alining ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Mangu quyosh” romanining taqdimoti tadbiri 1-may kuni 2026 yilda bo’lib o’tdi.
Tadbirda yozuvchi Muhammad Ali va qator olim va ijodkorlar tashrif buyurishdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Mangu quyosh” tarixiy romanida millatimizning faxru iftixoriga aylangan ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hayotiga murojaat etganligi, muallif unda ulug‘ shoirning murakkab hayoti, bemisl ijodi, buyuk muhabbati haqida hikoya qilishi, tarixiy haqiqatlarga o‘z munosabatini bildirgani ta’kidlab o’tildi. Ayniqsa, ushbu romanda akademik Shuhrat Sirojiddovning “Amir Alisher”, “Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik talqini” kabi asarlari asos bo’lib xizmat qilganligini yozuvchining o‘zi va ma’ruzachilar ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbirda prorektor Julnoza Jo’rayeva, Hamidulla Dadaboyev, f.f.d., professor - “Mangu quyosh” romanining tili haqida, Qo’ldosh Pardayev – O’zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri,f.f.d., professor, Sharifa Usmonova, tadqiqotchi - “Mangu quyosh” romanida tarixiy obrazlarning badiiy talqini, Adhambek Alimbekov – O‘zbekistonYozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor, Shahlo Qosimova, tarjimon - Romanning ruscha tarjimasi haqida, Gulbahor Ashurova, f.f.d., professor – “Mangu quyosh” va “Amir Alisher” – fakt va talqin mavzularida Rejissyor Hamid Qahramon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi rahbari Yangiboy Qo‘chqorovlar so‘zga chiqib fikr –mulohazalarini bildirishdi.
“Fuzuliy dilbandlari” to‘garak a’zolari – talabalar romandan olgan taassurotlarini aytisdi, she’riy chiqishlar va sahna ko’rinishlari ijro etildi.
Tadbirdan yuqori ko’tarinki kayfiyat, ma’naviy – ruhiy quvvat olindi. Muhammad Ali yozuvchimiz Universitet rahbariyatiga va tashkilotchilarga minnatdorliklarini bildirdilar.
Muhammad Ali “Mangu quyosh” romanida Navoiy hayoti va ijodining chuqur psixologik va falsafiy qatlamlarini ochib bergani, o‘sha davr voqeligini aniq va jonli tarzda tasvirlagani haqida so’zladi. Asarida tarixiy haqiqatni badiiy noziklik bilan uyg‘unlashtirib, o‘quvchiga boy ma’naviy va madaniy merosni taqdim etgani Alisher Navoiy timsolini ko‘plab madaniy va tarixiy obrazlar orasidan yangi va obyektiv yondashuv bilan tasvirlagani uchun kitobxonlarga manzur bo‘lgani ta’kidlandi. Tadbir oxirida Yozuvchiga Universitet rektorining tashakkurnomasi berildi. Atoqli yozuvchimiz Muhammad Alining tarixiy romanini “Mangu quyosh” deb nomlagani bejiz emasligi, u mantiqan tariximiz quyoshi, Alisher Navoiy quyoshi, quyoshning manguligi, dahoning ilohiy sevgisi, sevgilisi Bad’euljamol xaqidagi porloq qissa ekanligi aytilib, kitobxonlarimizni mana shu mo‘jizalar bilan oshno bo‘lishga chorlash tadbirning asosiy maqsadi sifatida bo‘y ko‘rsatdi.

