Adabiy aloqalar va tarjimashunoslik istiqbollari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy adabiyotshunoslikning dolzarb muammolarini muhokama qilish maqsadida navbatdagi nufuzli anjuman tashkil etildi.
Universitetning Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan “Tarjimashunoslik” nazariy-metodologik seminarining ushbu yig‘ilishi tafakkur sarhadlari tutashgan chinakam ilmiy muloqot maydoniga aylandi.
Seminarda adabiyotshunoslik, tarjima san’ati va xalqaro adabiy aloqalar yo‘nalishida izlanish olib borayotgan xorijiy ilmiy muassasalarning yetakchi vakillari o‘zlarining fundamental tadqiqotlari bilan ishtirok etdilar. Xususan, Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Tehrondagi Madaniyat instituti direktori o‘rinbosari Ahmet Akalinning “Bir yumuşak güç unsuru olarak edebiyat” (Adabiyot — yumshoq kuch omili sifatida) mavzusidagi ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzada adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni va madaniy ta’sir kuchi ilmiy asoslab berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universitetining katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Baxtiyar Buteyevning chiqishi tinglandi. Olimning “Ақыл жолы. Абай Құнанбайұлы” mavzusidagi ma’ruzasi qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi tarixiy adabiy rishtalar hamda buyuk mutafakkir Abay ijodining falsafiy qatlamlarini yoritishga xizmat qildi. Ushbu ma’ruzalar orqali turkiy xalqlar adabiyoti va ularning jahon madaniyatidagi o‘rni yangi metodologik yondashuvlar asosida tahlil etildi.

Seminar yakunida universitet va xalqaro ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi hamda sermazmun ma’ruzalari uchun xorijlik mehmonlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Ahmet Akalin hamda Baxtiyar Buteyev universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov tomonidan maxsus Tashakkurnomalar bilan rasman taqdirlandilar.

Ushbu xalqaro seminar nafaqat tajriba almashish, balki adabiyotshunoslik sohasida yangi ilmiy-nazariy yo‘nalishlarni belgilab olish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda istiqbolli tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

