Adabiy aloqalar va tarjima muammolari muhokamada
Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz tili) yo‘nalishi 201–202-guruhlarida “O‘zbek va ingliz adabiyoti: adabiy aloqalar, o‘zaro ta’sir va tarjima muammolari” mavzusida noan’anaviy dars mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulot zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etilib, vebinar-muloqot shaklida o‘tkazildi hamda unda bahs-munozara (debat) usuli keng qo‘llanildi. Bunday interfaol yondashuv talabalarning faolligini oshirish, ularni mustaqil fikrlashga undash hamda nazariy bilimlarni amaliy muhokamalar orqali mustahkamlashga xizmat qildi.
Dars jarayonida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Mahmadyor Asadov, kafedra professori, filologiya fanlari doktori Islamjon Yakubov hamda Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Qahhor Yo‘lchiyev ishtirok etib, mavzu doirasida o‘zlarining ilmiy qarashlari, tadqiqot natijalari hamda boy pedagogik tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular tomonidan tarjima jarayonining nazariy asoslari, madaniyatlararo kommunikatsiyaning o‘rni va ahamiyati, shuningdek, badiiy asarlarni tarjima qilishda uchraydigan lingvistik va stilistik muammolar yuzasidan atroflicha fikrlar bildirildi.
Mashg‘ulot davomida o‘zbek va ingliz adabiyoti o‘rtasidagi adabiy aloqalar, o‘zaro ta’sir jarayonlari, g‘oyaviy va badiiy yaqinliklar hamda farqlar chuqur tahlil qilindi. Xususan, badiiy tarjimada milliy koloritni saqlash, muallif uslubini yetkazish, frazeologik birliklar va madaniy realiyalarni to‘g‘ri talqin etish kabi muhim masalalar yuzasidan qizg‘in munozaralar olib borildi. Talabalar kichik guruhlarga bo‘lingan holda muayyan masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyalarini himoya qildilar va dalillar asosida fikr almashdilar.

Shuningdek, savol-javoblar jarayonida talabalar tomonidan berilgan dolzarb savollarga mutaxassislar batafsil javob qaytarib, amaliy tavsiyalar berdilar. Bu esa talabalarning mavzuni chuqurroq anglashiga hamda tarjima jarayoniga nisbatan yanada kengroq yondashuvni shakllantirishga yordam berdi. Mashg‘ulot davomida faol ishtirok etgan talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib, erkin fikr bildirish, muloqot qilish va jamoada ishlash malakalarini yanada rivojlantirdilar.

Mazkur noan’anaviy dars mashg‘uloti talaba-yoshlarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning tahliliy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish hamda ilmiy munozaralarda faol ishtirok etish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, bunday innovatsion dars shakllari ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish hamda zamonaviy malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

