“500 hikmat, 100 hikoyat” kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi
Navoiy davlat universitetida “Alisher Navoiy ijodining ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir buyuk mutafakkir merosini chuqur o‘rganish, uning badiiy-estetik hamda ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etish, zamonaviy adabiyotshunoslik yondashuvlari asosida tahlil qilish maqsadida tashkil etildi.
Anjumanda respublikaning turli oliy ta’lim muassasalari olimlari, tadqiqotchilar, yosh izlanuvchilar hamda talabalar ishtirok etdi. Ma’ruzalarda Alisher Navoiy asarlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, undagi insonparvarlik, komillik, adolat va ma’rifat g‘oyalari, shuningdek, mutafakkir merosining bugungi ma’naviy hayotdagi o‘rni keng yoritildi.
Tadbir doirasida “500 hikmat, 100 hikoyat” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur nashr Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, Alisher Navoiy ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan. Kitobda mutafakkirning ibratli hikmatlari hamda tarbiyaviy ahamiyatga ega hikoyatlari jamlangan.
Nashrni tayyorlashda universitet dotsenti Abdumurod Tilovov ishtirok etgan. Kitob muharriri — universitet professori Dilnavoz Yusupova.

Taqdimot marosimida Abdumurod Tilovov so‘zga chiqib, kitobning yaratilish jarayoni, materiallarni saralash tamoyillari hamda nashrning ilmiy va ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, to‘plam Alisher Navoiy merosining ibratli jihatlarini ixcham va tushunarli shaklda jamlagani bilan ahamiyatlidir.

Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish ishlarini izchil davom ettirish, yangi ilmiy izlanishlar va nashrlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Tadbir mazmunan boy va dolzarb ilmiy muhokamalari bilan ajralib turdi.

