2026–2028 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi muhokama qilindi
2026-yil 31-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida jamoa shartnomasi masalalariga bag‘ishlangan umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda universitet Kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda ish beruvchi tomon vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yildagi ijrosi yuzasidan hisobotlar tinglandi. Xususan, Kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2025-yilgi faoliyati, shuningdek ish beruvchi vakillari J. Aminov, F. Xolmetova va S. Samatovlarning shartnoma bandlari bajarilishi bo‘yicha ma’ruzalari muhokama qilindi. Tadbirda bo‘linmalardan saylangan delegatlar ham faol qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, jamoa shartnomasi korxonada ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy hamda kasbiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim normativ hujjat hisoblanadi. U mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, ijtimoiy sheriklikni ta’minlashda asosiy vosita sifatida xizmat qiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi maket asosida tayyorlangan 2026-yilgi jamoa shartnomasi loyihasida amaldagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar, jumladan 2025-yil 25-dekabr holatiga mehnatga oid yangiliklar inobatga olingan. Shu bilan birga, o‘z kuchini yo‘qotgan ayrim qonunosti hujjatlar chiqarib tashlangan hamda tashkilotlar faoliyatini “2026–2028-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi”ga muvofiq tashkil etish talabi aks ettirilgan.

Mazkur asosda universitet va boshlang‘ich Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi muhokama qilinib, bir ovozdan ma’qullandi.

Yangi jamoa shartnomasi professor-o‘qituvchilar va xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat sharoitlarini zamonaviy talablarga moslashtirish hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

