1-bosqich talabalari TTJlarga ariza topshirishlari mumkin
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar endilikda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin.
18-avgustdan boshlab 1-bosqichga tavsiya etilgan abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu tariqa, yangi o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar o‘zlariga qulay shaklda elektron ariza topshirishlari mumkin.
Talabalar turar joylariga joylashtirish belgilangan tartib hamda mavjud o‘rinlar sonidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bunda talabalar murojaatlari belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqilib, dastlab imtiyoz va ustuvorlik huquqiga ega talabgorlar joylashtiriladi. Qolgan bo‘sh o‘rinlar esa umumiy ro‘yxatdagi talabalar o‘rtasida belgilangan ketma-ketlik va navbat asosida taqsimlanadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joylariga joylashtirishda quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida qabul qilinadi:
* “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
* “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
* I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
* xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar;
* bir oiladan bakalavriat bosqichining kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq farzandi to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan oilalar farzandlari;
* xalqaro fan olimpiadalari hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
* “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari;
* oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
* talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi yoki qavat sardori sifatida faoliyat yuritayotgan talabalar.
Mazkur toifalarga kirmaydigan talabalar ham talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin. Ularni joylashtirish mavjud bo‘sh o‘rinlar sonidan kelib chiqib, umumiy ro‘yxat bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar, talaba qizlar, bakalavriat bosqichida tahsil olayotganlar hamda oliy ta’lim muassasasi joylashgan hududdan boshqa hududda doimiy yashovchi talabalar uchun belgilangan ustuvorliklar inobatga olinadi. Shuningdek, yakuniy navbat ariza berilgan sana asosida shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, talabalar turar joylaridagi o‘rinlarning 55–65 foizigacha bo‘lgan qismi 1-bosqich talabalari uchun ajratilishi belgilangan. Shu sababli 2026/2027-o‘quv yili uchun 1-bosqichga tavsiya etilgan abituriyentlarga talabalar turar joyiga ehtiyoj mavjud bo‘lgan taqdirda arizalarni imkon qadar erta topshirish tavsiya etiladi.
Talabalar turar joyiga joylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiriladi.

