Shuhrat Sirojiddinov ilmiy maktabi
Filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinovning ilmiy maktabi
O‘zbek adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlarning samaradorligi XXI asrda jahon adabiyotini tadqiq etishning zamonaviy paradigmalari asosida olib borilishini taqozo etmoqda. Xususan, tadqiqotlarning sinergetik usullarga asoslanishi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotning jahon adabiyoti bilan qiyosiy o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi. Har bir adabiy asar tadqiqi, istisnosiz, matnning badiiy, falsafiy, tarixiy va diniy talqinlarini ko’zda tutishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan matnshunoslik fanlararo mutanosiblikni ta’minlovchi ilmiy yo‘nalish sifatida o‘zbek filologiyasi taraqqiyotida o‘ziga xos o‘rinni egallamoqda.
Filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik kafedrasi professori sifatida kafedra qoshida tashkil etilgan Ilmiy markazga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida olib borilayotgan tadqiqotlar o‘zbek mumtoz adabiyotining matniy tadqiqi, shuningdek, o‘zbek adabiyotining fors va ingliz adabiyotlari bilan qiyosiy tahlili, tarjima matnlaridagi adekvatlik va ekvivalentlik muammolariga bag‘ishlangan. Matn har bir asarning asosidir. Matn tadqiqi badiiy asarni mikrodarajada o‘rganish va saviyasini belgilashga xizmat qiladi. Sh.Sirojiddinov shu yo‘nalishda 14 ta monografiya va risola, 6 darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 200 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar nashr etgan. Uning asosiy ilmiy ishlari o‘zbek mumtoz adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy hayoti va ijodi, o‘zbek adabiyotidagi diniy-falsafiy va tasavvufiy qarashlar, shuningdek, tarjima asarlar qiyosini matnshunoslik masalalari doirasida o‘rganishga bag‘ishlangan. 2013-yilda “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tadqiqi” monografiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasining adabiyot bo‘yicha I darajali Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Olim rahbarligida bugungi kungacha 5 nafar fan doktori (DSc) va 20 nafar filologiya bo‘yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlangan. 3 nafar tadqiqotchi doktorlik va 7 nafar tadqiqotchi filologiya bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasi uchun yozilayotgan dissertatsiya ishlarini nihoyasiga yetkazmoqdalar.